Abri bahor san’ati kitobat san’atining qadimiy va noyob yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, asosan kitob muqovalari hamda bezak qog‘ozlarini yaratishda qo‘llaniladi. “Abri” so‘zi fors tilidan tarjima qilinganda “bulut” ma’nosini anglatadi.
Ushbu san’at turi suv yuzasida ranglar yordamida hosil qilingan nafis naqshlar orqali yaratilgani sababli, u “bulutlarning suvdagi aksi” sifatida ham e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PQ–405-sonli “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi hamda Chilonzor tumani Madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yilning 15 iyun kuni navbatdagi etnofolklor ekspeditsiyasi tashkil etildi.
Ekspeditsiya davomida ustoz-shogird an’analarini davom ettirib kelayotgan mohir hunarmand Nasibaxon Satiboldiyeva faoliyati o‘rganildi.
Shuningdek, “Abri bahor” san’atining yaratilish jarayonlari, unga oid an’anaviy bilim va ko‘nikmalar, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tajribalar yozib olinib, ilmiy hujjatlashtirildi. Nomoddiy madaniy meros namunalarini o‘rganish va asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan bunday ekspeditsiyalar xalqimizning boy madaniy xazinasini kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.