III Xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida “Sharq maqomining yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Maqom — bu shunchaki musiqa emas. U xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviy merosi va falsafiy qarashlarini o‘zida mujassam etgan noyob san’atdir. Asrlar davomida ustoz-shogird an’analari orqali sayqallanib kelgan maqom bugun zamonaviy ijodiy yondashuvlar bilan yangi qirralarini namoyon etmoqda.
Konferensiyada maqom va dostonchilik san’atining bugungi rivojlanish yo‘nalishlari, milliy an’analarni asrab-avaylash hamda ularni zamonaviy madaniy makonga mos ravishda targ‘ib etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Maqomning har bir kuyi va dostondagi har bir satr xalqning kechinmalari, orzu-umidlari hamda hayot falsafasini aks ettiradi. Shu bois bu bebaho merosni kelajak avlodlarga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.