O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 2026-yil 8-iyundagi 272-sonli “Bolalar musiqa va san’at maktablari xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq markazida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari izchil davom etmoqda.
OʻzDSMI huzuridagi Malaka oshirish tarmoq markazida Bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlari uchun navbatdagi o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Joriy yilning 8-iyul kuni “Yangi Oʻzbekistonda san’at ta’limi: islohotlar, imkoniyatlar va istiqbollar” moduli doirasida o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Darsni Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, falsafa fanlari doktori Sayyora To‘ychiyeva olib bordi.
Shuningdek, maktab direktorlari uchun Toshkent shahridagi T. Sodiqov nomidagi 1-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida navbatdagi ko‘chma dars mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilar ta’lim muassasasining boshqaruv tizimi, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, ijodiy muhitni rivojlantirish hamda zamonaviy menejment yondashuvlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Dars mashg‘ulotini Mirobod tumani 4-son Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Muxitdinova Muxabbat Bakiyevna olib borib, “Bolalar musiqa va san’at maktablarida zamonaviy boshqaruv va taraqqiyot strategiyasi” mavzusida mazmunli ma’ruza qildi.
Ma’ruza davomida ta’lim sifatini oshirish, rahbarlik faoliyatida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, jamoani samarali boshqarish hamda muassasani strategik rivojlantirishga oid amaliy tavsiyalar tinglovchilar bilan atroflicha muhokama qilindi.