O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-maydagi 144-son hamda 2019-yil 9-yanvardagi 9-sonli qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qarorga muvofiq, endilikda bolalar musiqa va san’at maktablarida:
- qabul yoshi va o‘qish muddatlari o‘zgartirildi;
- direktorning o‘quv-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Madaniyat ta’limi markazi bilan kelishilgan holda, xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari esa direktor tavsiyasiga ko‘ra tegishli hududiy madaniyat organlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi;
- direktorlar va direktor o‘rinbosarlari har besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda, Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitiladi;
- direktorlar va o‘rinbosarlarga 56 kalendar kundan iborat yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi.
Shuningdek, O‘zbeliston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-apreldan “Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-150-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablariga o‘quvchilar musiqa yo‘nalishida 5-sinfdan;
raqs, teatr, xalq ijodiyoti, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarida 9-sinfdan qabul qilinadi;
ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning bitiruvchilariga bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qituvchilik bilan shug‘ullanish huquqi beriladi;
bolalar musiqa va san’at maktablari davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantiriladi;
Qarorda shuningdek, soha rivoji uchun ko‘plab muhim vazifalar belgilangan.