Maktab yangiliklari

Maktabimiz o‘quvchilarining yutuqlari

Joriy yilning 1-3-may kunlari Toshkent shahrida “Shaxrizoda kaleydoskopi” xalqaro tanlov-festivali boʻlib oʻtdi. Tanlov-festival doirasida Toshkent shahrida yosh iste’dod egalarini bir maydonga jamlandi. Mazkur xalqaro tanlov-festivalda turli hududlardan tashrif buyurgan yosh musiqachilar o‘z mahoratlarini namoyish etib, professional hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Quvonarlisi, tanlovda maktabimiz o‘quvchilari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdilar. Fleyta sinfi o‘quvchisi Xurma Irem (pedagog D.M.Izmaylova) o‘zining nafis ijrosi, sahnadagi erkinligi va musiqiy didi bilan hakamlar e’tiborini qozonib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, fortepiano sinfi o‘quvchisi Abdug‘aniyeva Sabaa (pedagog S. A. Sadullayeva) ham murakkab asarlarni mahorat bilan ijro etib, tanlovning 3-o‘rin sovrindori bo‘ldi.

Tanlov davomida ishtirokchilar nafaqat ijro mahoratini namoyon etdilar, balki boshqa davlat va hududlardan kelgan yosh san’atkorlar bilan ijodiy tajriba almashish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar. Bunday xalqaro festivallar yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda professional sahna tajribasini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maktab jamoasi g‘olib o‘quvchilarni ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaydi hamda ularning ustozlari va ota-onalariga minnatdorlik bildiradi. Yosh ijodkorlarga kelgusi tanlov va festivallarda ham ulkan zafarlar tilaymiz!