Joriy yilning 1-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri oldida O‘zbekiston Respublikasi “Bolalar – bolalarga” xayriya tadbiri tashkil etildi.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadi ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo'llab-quvvatlash, yosh avlod qalbida mehr-oqibat, insonparvarlik va saxovat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, mazkur xayriya tadbiri bolalar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yoshlarda ezgulik qilish, boshqalarga yordam berish va ijtimoiy mas’uliyat hissini shakllantirishga ko‘maklashadi.
Bayram dasturida “Mohir fortepianochi” Respublika tanlovi g‘oliblari ishtirok etib, ochiq osmon ostida mumtoz musiqaning eng sara namunalarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdilar.